Bosh sahifa/Yangiliklar/Bosh buxgalterlarning qanday xatolari tekshiruvlarga olib keladi?

Bosh buxgalterlarning qanday xatolari tekshiruvlarga olib keladi?

Kameral tekshiruv qachon o’tkaziladi?

Kameral soliq tekshiruvini sizning moliyaviy va soliq hisobotlaringizni tahlil qilish asosida, shuningdek soliq organida mavjud bo’lgan korxona faoliyati to’g’risidagi boshqa ma’lumotlarni o’rganish va tahlil qilish asosida o’tkazadilar. QQS ni qoplash bilan bog’liq masalalar bo’yicha kameral soliq tekshiruvi Qo’shilgan qiymat solig’i summasi o’rnini qoplash tartibi to’g’risidagi nizom  (O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 14.08.2020-yildagi 489-son qarori bilan tasdiqlangan) asosida tayinlanishi mumkin.

Kameral soliq tekshiruvi quyidagi hollarda o’tkaziladi:

  • DSQ soliq xavfini boshqarish tizimi asosida aniqlagan soliq to’g’risidagi qonun hujjatlari buzilishi sodir etilganligi xavfi mavjudligida;
  • siz taqdim etgan soliq hisobotida tafovutlar yoki xatolar aniqlaganda;
  • korxonangizda soliq qonunchiligining buzilish holatlari haqida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari soliq organiga tushganda;
  • oldin taqdim etilgan soliq hisobotiga nisbatan to’lanishi lozim bo’lgan soliq summasini kamaytiradigan yoki ko’rilgan zarar summasini ko’paytiradigan aniqlashtirilgan soliq hisoboti taqdim etilganda.

Masalan, korxona 2021-yil  1-2-choraklarda, mos ravishda, 20 mln so’m va 25 mln so’m QQS summasini hisobga kiritish bo’yicha hisob-kitob topshirgan, ammo 3-chorakka kelib 100 mln so’mlik summaga hisob-kitob topshirmoqda.  Kameral tekshiruv natijasida aniqlangan bu ma’lumotga soliq organi xodimida shubha paydo bo’ladi va korxona rahbariyatiga xat yo’llab, haqiqatda shuncha so’mlik QQS summasini hisobga kiritishga mos tovar borligi haqida ma’lumot so’raydi.

Ma’lumot uchun:

Sayyor soliq tekshiruvi va soliq auditi tekshiruvlarini elektron ro’yxatga olish yagona tizimi orqali O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo’yicha vakilni xabardor qilgan holda amalga oshiriladi. Bundan davlat ro’yxatidan o’tmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslarni tekshirish mustasno. Soliq tekshiruvlarini tashkil etish va o’tkazish tartiblari Soliq qo’mitasi va Vazirlar Mahkamasining 07.01.2021-yildagi 1-son “Soliq xavfini boshqarish, soliq xavfi mavjud soliq to’lovchilari (soliq agentlarini) aniqlash va soliq tekshiruvlarini tashkil etish va o’tkazish to’g’risida” gi qarorida belgilangan.

Soliq tekshiruvi uchun nimalar asos bo’lib xizmat qiladi?

Sayyor soliq tekshiruvida soliqlarni hisoblab chiqarish va to’lash sohasida soliq to’lovchilarining ayrim majburiyatlarini, shuningdek, soliq qonunchiligida belgilangan boshqa majburiyatlarini bajarish bo’yicha o’tkaziladi. Hisobga olish hujjatlari, tovar-moddiy qimmatliklar va pul mablag’lari harakati, shuningdek, soliq to’lovchining faoliyati bilan bog’liq bo’lgan boshqa axborot tahlil qilinadi

Sayyor soliq tekshiruvini o’tkazish uchun quyidagilar asos bo’ladi:

  • Soliq xavfini boshqarish tizimi orqali aniqlangan, soliq to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzish xavfi mavjudligi;
  • Jismoniy yoki yuridik shaxslarning soliq yoxud valyuta to’g’risidagi qonun hujjatlari buzilish holatlari to’g’risidagi murojaatlari, shu jumladan, tovarlar va xizmatlarning narxini asossiz oshirib yuborish holatlari to’g’risida, yo’lovchilarni yengil avtotransport vositalari tashish bo’yicha noqonuniy tadbirkorlik faoliyati;
  • Ommaviy axborot vositalarida soliqqa va valyutaga oid qonunbuzarliklar to’g’risidagi ma’lumotlar e’lon qilinishi;
  • O’tkazilayotgan kameral soliq tekshiruvini xolisona amalga oshirish maqsadida qo’shimcha ma’lumotlar olish zarurati yuzaga kelishi;
  • Valyuta operatsiyalari amalga oshirilishining asoslanganligi yuzasidan monitoring olib boorish jarayonida soliq organi yuborgan so’rovnomaga hujjatlar yoki axborot taqdim etilmagan yoxud to’liq taqdim etilmaganligi;
  • Sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shuingdek, boshqa davlat organlari va tashkilotlaridan soliq va valyutaga oid huquqbuzarliklar to’g’risida dalolat beruvchi axborot tushishi.

Masalan, korxona III chorakda birinchi yarim yillikdagi xuddi shunday hisob-kitoblardan ancha yuqori miqdorda QQS summasini hisobga olish bo’yicha hisob-kitob taqdim qildi. Soliq organi xodimida korxona topshirgan ma’lumotlar yuzasidan savol tug’ildi va u korxona rahbariyatiga QQS summasi hisobga olingan tovarlarning omborda haqiqatda ham borligi haqidagi ma’lumotlarni so’rab so’rov yubordi. Korxonadan tegishli xatga javob olingandan so’ng, berilgan javob soliq organini to’liq qanoatlantirmasa, u holda sayyor soliq tekshiruvi bilan ushbu korxonaga chiqiladi. Tekshiruv faqat bitta masala yuzasidan o’tkaziladi – QQS ni hisobga olish bo’yicha ma’lumotlarning to’g’riligini aniqlash. Bunda korxona omborida QQS summasini hisobga kiritish uchun shu summaga mos tegishli tovar-moddiy boyliklari borligi tekshiriladi.  

 

Qachon soliq auditi muqarrar bo’ladi?

Soliq auditi muayyan davr uchun soliqlarning to’g’ri hisoblanganligi va to’langanligini tekshirish. Buning uchun soliqchilar moliya va soliq hisobotlarining soliq to’g’risidagi qonun hujjatlariga barcha jihatlardan muvofiqligi va haqqoniyligini, soliq solish maqsadlarida buxgalteriya hisobi va soliq solish maqsadlarida hisobga olishda soliq majburiyatlarining to’g’ri shakllantirilishi va aks ettirilishini tekshiradi.

 

Soliq auditi quyidagi soliq to’lovchilarda o’tkaziladi:

  • soliq tavakkalchiligining yuqori toifasiga mansub bo’lgan;
  • kameral soliq tekshiruvi natijasi bo’yicha soliq to’lovchi aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etmasa (shu jumladan, aniqlashtirilgan talabnomadan keyin), yoxud aniqlangan tafovutlar bo’yicha asosnomalarni taqdim etmasa, yoki u taqdim etgan asosnomalar yetarli emas deb topilgan hollarda;
  • ixtiyoriy tugatilayotgan yuridik shaxslarda. Soliq maslahatchilari tashkilotlarining soliqlar bo’yicha xulosalari mavjud bo’lgan soliq to’lovchilar bundan mustasno;
  • soliq to’lovchilarning jinoiy ishlar bo’yicha moliyaviy-xo’jalik faoliyati taftish qilinish doirasida;
  • faoliyatini to’xtatgan yakka tartibdagi tadbirkorlar. Qat’iy belgilangan miqdorda yoki deklaratsiya asosida jismoniy shaxslardan daromad solig’ini to’laydiganlar bundan mustasno;
  • ilgari o’tkazilgan soliq auditi davrida soliq idoralariga ma’lum bo’lmagan yangi holatlar aniqlangan soliq to’lovchilarda.

 

Masalan, kameral va sayyor tekshiruvlarda korxonada kamchiliklar aniqlangan. Ammo korxona soliq qonunchiligini buzishni davom etmoqda. Bu holda soliqchilarning soliq auditi bilan kelishini kutavering.

 

Qanday qilib xavf guruhiga tushmaslik mumkin: soliq tekshiruvi uchun qanday mezonlar bilan tanlaydilar?

Soliq xavfini baholash va soliq to’lovchilarni toifalash soliq xavfini boshqarish, soliq xavfi mavjud soliq to’lovchilarni(soliq agnetlarini) aniqlash va ularni soliq xavfi darajasi .bo’yicha toifalash tartibi to’g’risidagi nizom ( Vazirlar Mahkamasining 07.01.2021-yildagi 1-sonli qarori bilan tasdiqlangan) asosida amalga oshiriladi. Hamma ko’rsatkichlar “Soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va baholash” avtomatlashtirilgan dasturi asosida aniqlanadi.

Agar soliq xavfi mavjudligi aniqlansa, kameral tekshiruv tayinlanadi. Sayyor soliq tekshiruvlari uchun tizim tomonidan aniqlangan soliq qonunchiligning buzilishi sodir etilishi xavfi mavjudligi asos bo’ladi. Soliq auditini tayinlash uchun soliq xavfini yuqoriligi asos bo’ladi.  

 

Soliq xavfi quyidagi manbalardan olingan ma’lumotlar asosida tahlil qilinadi:

  • soliq to’lovchilar tomonidan taqdim etilgan soliq va moliyaviy hisobotlar, shuningdek, soliq to’lovchilarning shaxsiy kartochkalarida aks ettirilgan ma’lumotlar;
  • davlat organlari, muassasalar va tashkilotlar tomonidan qonun talabiga muvofiq soliq organlariga taqdim etilgan ma’lumotlar (Soliq kodeksi, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 30.10.2020-yildagi PF-6098-farmoni hamda 30.10.2020-yildagi PQ-1843-son qarori);  

 

 

  • xorijiy mamlakatlarning vakolatli organlari tomonidan ozaro axborot almashish borasida tuzilgan bitimlar doirasida taqdim etilgan malumotlar;
  • OAV dan olingan ma’lumotlar;
  • o’tkazilgan soliq tekshiruvlari materiallardagi ma’lumotlar;
  • sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan soliqqa oid huquqbuzarliklar bo’yicha aniqlangan ma’lumotlar (hukm, qaror, ajrim, hal qiluv qarori va boshqa hujjatlar);
  • soliqqa oid huquqbuzarlik faktlari to’g’risida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari;
  • statistika organlaridan olingan ma’lumotlar;
  • qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan olingan ma’lumotlar. Soliqqa xavfini tahlil qilishda yuqoridagi manbalardan olingan ma’lumotlar asosida quyidagi ko’rsatkichlardan foydalaniladi;
  • xarajatlar va daromadlar miqdori, ularning dinamikasi, soliq majburiyatlari oʼz vaqtida bajarilishi, joriy soliq davrida hisoblangan soliqlarning avvalgi soliq davrlarida hisoblangan soliqlar miqdoriga muvofiqligi (kamayishi, koʼpayishi);
  • davlat organlari va tashkilotlar tomonidan soliq organlariga taqdim etilgan maʼlumotlardagi koʼrsatkichlarning soliq toʼlovchilarning soliq va moliyaviy hisobotlaridagi koʼrsatkichlariga muvofiqligi;
  • soliq imtiyozlarining qonunga muvofiq qoʼllanilganligi;
    sof foydaning sof tushumga (tovarlar va xizmatlar realizatsiya qilishda olingan daromad aktsiz va QQSsiz hisoblangan summa) nisbati sifatida aniqlanadigan rentabellik koʼrsatkichi hamda sof foydaning xarajatlarga nisbati kabi rentabellik koʼrsatkichi.

Soliq toʼlovchilarni soliq xavfi darajasiga qarab past, oʼrta va yuqori xavfli toifalarga ajratish maxfiy axborot hisoblanadi. Аmmo istisno bor – quyida sanab oʼtilgan barcha mezonlar va koʼrsatkichlar xavf yuzaga kelishining indikatori boʼlib xizmat qiladi:

  • soliq yuki, uni faoliyat turiga qarab formula boʼyicha hisoblaydilar;
  • ilgari taqdim etilgan soliq hisobotlariga bir hisobot davri uchun uch va undan ortiq marta oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritilishi;
  • soliq hisobotida ikki va undan ortiq soliq davridagi zararlar aks ettirilishi;
  • soliq davri davomida soliq toʼlovchining joylashgan joyi ikki va undan ortiq marta oʼzgartirilishi va keyinchalik qayta roʼyxatdan oʼtkazilishi;
  • QQS boʼyicha guvohnomasi bekor qilingan yoki roʼyxatdan chiqarilib tashlangan, shuningdek, tugatilgan, faoliyatini amalga oshirmayotgan, bankrot deb topilgan shaxslar bilan amalga oshirilgan bitimlar, operatsiyalar;
  • sof foydaning xarajatlarga nisbati sifatida aniqlanadigan rentabellik koʼrsatkichi past darajada boʼlishi;
  • soliq toʼlovchi tomonidan taqdim etilgan QQS boʼyicha soliq hisobotidagi operatsiyalar toʼgʼrisidagi maʼlumotlarning, ushbu operatsiyalar boʼyicha boshqa soliq toʼlovchi tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotidagi maʼlumotlarga mos kelmasligi;
  • soliq toʼlovchi oborotlari bir necha yil davomida bir milliard soʼmdan past miqdorda koʼrsatilgan soliq hisobotlarini taqdim etishi;
  • oʼtkazilgan soliq tekshiruvlari natijalari.

Soliq xavfi darajasi soliq xavfi mezonlari asosida aniqlanadi, ularga 1 dan 100 gacha boʼlgan ballar beriladi: 81 foizdan 100 foizgacha – yuqori xavf; 30 foizdan 80 foizgacha - oʼrta xavf; 1 foizdan 29 foizgacha – past xavf.

 

Har bir mezon boʼyicha ball berish DSQ tomonidan soliq toʼlovchilarning iqtisodiy faoliyat turi boʼyicha segmentlanishi va soliq davri uchun olingan daromad miqdoriga qarab belgilanadi.

Soliq xavfi darajasiga qarab soliq toʼlovchilar Dastur orqali soliq xavfi darajasini aniqlash mezoniga belgilangan ballar va potentsial soliq xavfi asosida baholanadi hamda toifalarga ajratiladi va quyidagi formula asosida hisoblanadi: R = Sr / Sp x 100%, bu yerda R – xavf darajasi (foizda); Sr – soliq toʼlovchiga berilgan xavf ballari yigʼindisi; Sp – xavf darajasini aniqlashda qoʼllangan potentsial soliq xavfi ballari yigʼindisi.

Soliq xavfi darajasi olti oyda bir marta aniqlanadi. Sizning tashkilotda soliq xavf darajasi yuqori boʼlmasa, ammo 30 kalendarь kundan ortiq soliq qarzdorligini toʼlamagan boʼlsa, soliq xavfi darajasi har chorakda bir marta aniqlanadi.

 

Rustamjon Mo'minov Yirik soliq toʼlovchilar boʼyicha hududiy Davlat soliq inspektsiyasining Yuridik shaxslarga xizmat koʼrsatish boʼlimi bosh davlat soliq inspektori.

Manbaa: "Soliq solish va buhgalteriya hisobi" jurnali.

Aloqa ma'lumotlari
JOYLASHGAN MANZILIMIZ:
Manzil:
O'zbekiston, Toshkent sh. Yakkasaroy tumani Kichik Beshyog'och 124D. (Mo'ljal: San'at instituti)
Maslaxat olmoqchi bo'lsangiz?
Savol berish
Скрытое поле:
Ushbu qator to’ldirilishi shart
Ismingiz: *
Ushbu qator to’ldirilishi shart
e-mail*
Ushbu qator to’ldirilishi shart
Izoh:*
Ushbu qator to’ldirilishi shart
Согласие на обработку данных*
Rahmat! Shakl yuborildi